Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida Rossiya Fanlar akademiyasi a’zosi, strategik boshqaruv boʻyicha yetakchi olim, professor Vladimir Kvint tahriri ostida chop etilgan “Iqtisodiy va moliyaviy strategiya” darsligi taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Ushbu nufuzli anjumanda bir qator yirik olimlar va mutaxassislar ishtirok etdi. Jumladan, Navoiy kon-metallurgiya kombinati boshqaruvi raisi, Oʻzbekiston Qahramoni, senator Quvondiq Sanaqulov, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti professori, taniqli strateg olim Vladimir Kvint, Navoiy va Buxoro universitetlari rektorlari, professorlar Bahtiyor Mardonov, Obidjon Hamidov, Muxiddin Kalonov, shuningdek, ilmiy doiralar vakillari, yosh olimlar va talabalar qatnashdi.
Tadbirni Oʻzbekiston Qahramoni, senator Q.Sanaqulov ochib, darslikning iqtisodiy rivojlanish va strategik fikrlashni shakllantirishdagi oʻrni, amaliy ahamiyati haqida chuqur tahliliy fikr-mulohazalarini bildirdi.
Soʻngra soʻz navbati Rossiya Fanlar akademiyasi a’zosi, professor Vladimir Kvintga berildi. U tashkilotchilarga minnatdorlik bildirar ekan, Navoiy shahrida ilm-fan va amaliyot tutashgan bunday anjumanlarning oʻtkazilishi oʻzaro ilmiy integratsiyani kuchaytirishdagi rolini alohida ta’kidladi. Tadbir doirasida Moskva davlat universiteti tomonidan tashkil etilgan tanlovda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan bir guruh iqtidorli talabalar tantanali ravishda taqdirlandi.
Taqdimot o‘tkazilgan “Iqtisodiy va moliyaviy strategiya” kitobi muqaddimasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva, Moskva davlat universiteti rektori, akademik Viktor Sadovnichiy hamda texnika fanlari doktori, professor, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Boshqaruv raisi Quvondiq Sanaqulovning fikr-mulohazalari bilan chop etilgan.
Yangi nashr Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti "Mintaqaviy va korporativ strategiyalar" kafedrasi olimlari tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Kitob strategiyalash nazariyasi va metodologiyasi, mintaqaviy strategiyalash, iqtisodiyot tarmoqlarini strategiyalash, moliyaviy va investitsion strategiyalash, strategiyalashtirishni modellashtirish kabi 6 bobdan iborat. Taqdimot marosimida akademik Vladimir Kvint tashkilotchilarga alohida minnatdorlik bildirdi.