Hurmatli Prezidentimizning Vengriya Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi hamda oliy darajadagi muzokaralar, erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlar nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishda, balki O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘z navbatida, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “Kengaytirilgan strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya”ning imzolanishi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va mustahkam hamkorlikning yorqin ifodasidir. Bu jarayon barcha sohalar – iqtisod, sanoat, ta’lim, innovatsiya, qishloq xo‘jaligi va boshqalarda jadal rivojlanishga keng yo‘l ochadi.
Alohida ta’kidlash joizki, mazkur tashrif doirasida Turkiy davlatlar tashkilotining Budapesht shahridagi norasmiy sammitida davlatimiz rahbarining ishtiroki va unda so‘zlagan nutqi O‘zbekistonning turkiy integratsiya jarayonlaridagi faol ishtirokini yana bir bor namoyon etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan ta’sis etilgan Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni topshirish marosimi esa xalqlar o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlik va do‘stlikni mustahkamlashda o‘ziga xos ramziy ahamiyatga ega.
Navoiy davlat universiteti jamoasi mazkur tashrifni tarixiy ahamiyatga ega deb baholaydi. Ushbu strategik yaqinlashuv zamiridagi ilmiy, ta’limiy va madaniy aloqalarni rivojlantirish imkoniyatlari, xususan, venger universitetlari bilan qo‘shma loyihalar, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, innovasion ilmiy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni kuchaytirish borasida katta istiqbollar mavjud.
Shu nuqtai nazardan, biz ushbu tashrifni – O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirish, ilm va ma’rifat asosida barqaror rivojlanishga erishishda muhim qadam, deb hisoblaymiz.
Muxiddin Kalonov,
Iqtisodiyot fanlari doktori, professor,
Navoiy davlat universiteti rektori