Bilim va amaliyot uygʻunligi — dual taʼlim
Navoiy davlat universiteti, Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati boʻlimi hamda viloyat Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida “Universitetda “Dual taʼlim” tizimi boʻyicha olib borilayotgan ishlar” mavzusida jurnalistlar, blogerlar va axborot xizmati rahbarlari uchun matbuot anjumani oʻtkazildi.
Tadbirda Navoiy davlat universiteti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Muhiddin Kalonov soʻzga chiqib, oliy taʼlim muassasasi faoliyatiga oid boʻlgan yangiliklar va kelgusidagi strategik vazifalar, hamda “Dual taʼlim” tizimi boʻyicha olib borilayotgan ishlar xususida axborot berdi.
Shuningdek, universitetning jahon standartlariga mos ravishda qad rostlayotgan yangi “Kampus” qurilishi jarayonlari va bugunga qadar erishilgan natijalar haqida ham alohida toʻxtalib oʻtdi.
Matbuot anjumani jarayonida universitet masʼullari tomonidan sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, taʼlim maskaniga biriktirilgan mahallalar bilan yoʻlga qoʻyilgan tizimli ishlar, talabalar yotoqxonalaridagi sharoitlar borasida ham soʻz yuritildi.
Ochiq va erkin muloqotlar, savol-javoblarga boy tarzda oʻtgan tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari va jurnalistlarning mavzu doirasida fikr-mulohazalari tinglandi.
Tadbir soʻnggida Navoiy davlat universiteti, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi hamda Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat boʻlimi oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni yana rivojlantirish maqsadida memorandum imzolandi.