Navoiy davlat universiteti rektori, professor Muxiddin Kalonov hamda rektor maslahatchisi Bahodir Abdullauev San’at va sport fakulteti professor-o‘qituvchilari, tyutorlari bilan ta’lim sifatini oshirish, fakultetda ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, korrupsiyaga nisbatan murosasizlikni shakllantirish, yoshlar ongida vatanparvarlik va shukronalik tuyg‘ularini mustahkamlash hamda ilmiy faollikni rivojlantirish maqsadida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida ta’lim jarayonining tashkiliy va uslubiy jihatlari, talabalarning individual rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, ularni ma’naviy-ma’rifiy tomondan tarbiyalash, korrupsiyaga qarshi kurashda jamoaviy va shaxsiy mas’uliyat, ilmiy faoliyatni kuchaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Fakultetda faoliyat yuritayotgan ilmiy salohiyatli kadrlarning maqola va tadqiqotlarini xalqaro jurnallarda chop etish, yosh tadqiqotchilarni ilm-fan sari yo‘naltirish va grantlar asosida loyihalarda ishtirokini ta’minlash muhimligi alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida ochiq muloqot tarzida fikrlar tinglandi, taklif va tavsiyalar qayd etildi. San’at va sport fakultetida bo‘lib o‘tgan ushbu uchrashuv o‘qituvchilar va jamoaning kelgusi faoliyatiga yangi turtki bo‘lishi shubhasiz.