Andijon davlat universitetida “O‘zbekiston–Ozarbayjon: oliy ta’lim sohasida hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida O‘zbekiston va Ozarbayjon oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirokida xalqaro forum o‘tkazildi.
Mazkur nufuzli tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev, Ozarbayjon Respublikasi Fan va ta’lim vaziri o‘rinbosari Idris Isayev, Andijon viloyati hokimligi, Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari hamda ikki davlatning 50 dan ortiq yetakchi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.
Ushbu xalqaro forum doirasida Navoiy davlat universiteti Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Dilnoza Narzikulova hamda Ingliz tili amaliy fanlar kafedrasi dotsenti Dilnoza Istamova Ozarbayjonning bir qator nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi. Xususan, Baku davlat universiteti, Ozarbayjon davlat pedagogika universiteti, Lankaran davlat universiteti hamda Naxchivan davlat universiteti bilan o‘zaro manfaatli ilmiy-amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib borildi va natijada universitetlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi.
Imzolangan hujjatlar doirasida professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, xalqaro konferensiyalar va seminarlarni tashkil etish va boshqa qator yo‘nalishlarda hamkorlik qilish rejalashtirilgan.